KIRISH
Kirish
Mavzu materiallari va tushuntirishlari.
Kirish
Yusupov O.R., Eshonqulov E.Sh., Abduraxmonov M.S., Malikov Z.A. Dasturlashdan masalalar to‘plami (O‘quv qo‘llanma). – Samarqand: SamDU Tahririy nashriyoti, 2025. – 446 bet.
Dasturlashdan masalalar to‘plami fundamental bilimlarni shakllantirish, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish va ilk mashg‘ulotlarni olib borish uchun muhim qo‘llanmadir. Ushbu masalalar to‘plami oliy o‘quv yurtlarida “Dasturlash” kurslarini o‘qiydigan barcha talabalar uchun, shuningdek, dasturlash sohasiga qiziqishi bo‘lgan, ushbu sohani endi o‘rganishni boshlagan har qanday yoshdagi o‘quvchi uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Mirzayev N. - Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, texnika fanlari doktori, professor;
Qobilov S.S. - Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dasturiy injiniring kafedrasi dotsenti, fizika-matematika fanlari nomzodi.
Ushbu o‘quv qo‘llanma Samarqand davlat universiteti Kengashining 2024-yil 07-dekabrdagi 4-son qo‘shma yig‘ilish qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.
Kirish so‘zi
Algoritmlar tahlili va dasturlash tamoyillarini rivojlantirgan mashhur olim, dasturlash nazariyotchisi Donald Ervin Knut o‘zining “The Art of Computer Programming” kitobida dasturlashga nafaqat texnik, balki ijodiy jarayon deb ta’rif beradi. Kod yozish jarayonida dasturchi e’tiborga olishi lozim bo‘lgan juda ko‘plab talablar mavjud. Bu talablarni dasturchi yirik loyihalarni bajarishdan avval, kichik masalalar ustida ishlab o‘rganib boradi. Sodda masalalarni hal qilish orqali dasturchi fundamental bilimlarni o‘zlashtirishda samaradorlikka erishishi mumkin.
Qo‘lingizdagi ushbu masalalar to‘plami fundamental bilimlarni shakllantirish, mantiqiy fikrlashni rivojlantirish va ilk mashg‘ulotlarni olib borish uchun yetarlicha xizmat qiladi deb hisoblaymiz. Ushbu masalalar to‘plami oliy o‘quv yurtlarida “Dasturlash” kurslarini o‘qiydigan barcha talabalar uchun, shuningdek, dasturlash sohasiga qiziqishi bo‘lgan, ushbu sohani endi o‘rganishni boshlagan har qanday yoshdagi o‘quvchi uchun foydali bo‘lishi mumkin.
Masalalar to‘plami 3 ta katta bo‘limga ajratilgan bo‘lib, dastlabki bo‘lim dasturlash asoslariga ajratilgan, ikkinchi bo‘limda obyektga yo‘naltirilgan dasturlash prinsiplariga oid masalalar berilgan. Uchinchi bo‘lim esa dasturlashning vizual qismini qo‘llashni o‘rganishga bag‘ishlanadi.
Har bir bo‘limda mavzuni o‘rganish uchun kichik qismlarga ajratilgan bo‘lib, har bir qism yakunida Python va C++ dasturlash tillarida ayrim masalalarning yechilishi berilgan. Ushbu berilgan yechimlar orqali yetarlicha ko‘nikmalar shakllanishi mumkin bo‘ladi. Vizual dasturlashga oid masalalar Vizual C# dasturlash tilida yozilgan bo‘lib, dastur qismida vizual qismda qo‘llanilgan komponentlar va hodisalar keltirilgan.
Masalalar to‘plamida masalalarni to‘plash va yozish jarayonida mualliflarning bir necha yillik izlanishlari yotibdi. Masalalar M.E. Abramyan, D.M. Zlatopolsky, V.V. Laptev, N.S. Lagutina kabi mualliflarning kitoblari orqali to‘plab borilgan. Shuningdek, ushbu adabiyotlarga asoslanib, obyektga yo‘naltirilgan dasturlash va vizual dasturlash masalalari uchun ko‘plab masalalar mualliflar tomonidan ishlab chiqildi.